September 13, 2019

Atom energiyasi toʻgʻrisidagi Qonun: 10 ta afsona va haqiqat

“Atom! Atom – bu bomba-ku, domlajon!!!”

“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonun haqida soʻz ochilsa, koʻpchilik mashhur hajv qahramoni Mullo Sunnatillo holiga tushadi – qoʻrqib ketadi.

Har qanday qonun hujjati matnini toʻliq oʻqimaslik yoki yaxshi tushunmaslik notoʻgʻri talqinlarga sabab boʻlishi mumkin. Atom energiyasi borasida tushunmovchiliklarning oldini olish uchun odamlar orasida tarqalgan quyidagi “afsonalar”ni tahlil qilib koʻramiz.

1-afsona: Oʻzbekistonda atom energiyasi yoʻq.

Haqiqat: Unday emas. Aslida Oʻzbekistonni bugungi kunda atom energiyasidan umuman xoli hudud deb boʻlmaydi. Respublikamizda 1959-yildan buyon Yadro fizikasi institutida VVR-SM tadqiqot reaktoridan foydalanilib kelinmoqda va ushbu reaktorda hamda boshqa ishlab chiqarish obyektlarida hosil boʻladigan radioaktiv chiqindilar Boʻstonliq tumanidagi saqlash punktiga joylashtirilmoqda. 2019-yilning 6 oyi davomida 70 GBk radioaktivlikka ega boʻlgan 455 ta manba saqlash punktiga joylashtirilgan. Shuningdek, hozirda mamlakatimizda 7000 ga yaqin ionlashtiruvchi nurlanish manbalari (rentgen apparati, kalibrovka uskunalari va boshqalar) mavjud. Shunday sharoitda atom energiyasidan foydalanishning ayrim jihatlari 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinmoqda. Lekin atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus qonun mavjud emas. Qonun loyihasi shu ehtiyoj tufayli ishlab chiqilgan.

2-afsona: Qonun Rossiya andozasida yozilgan.

Haqiqat: Aslida qonun loyihasini yaratishda xalqaro tajriba sinchiklab oʻrganib chiqilgan. Xususan, atom energetikasi sohasidagi yetakchi mamlakatlar – AQSH, Fransiya, Rossiya, Belorussiya, Yaponiya, Ukraina, Chexiya, Vengriyaning tajribasi oʻrganildi. Shuningdek, Qonun loyihasi Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) tomonidan 2 marotaba koʻrib chiqildi va uning tavsiyalari Qonunda inobatga olindi. Shuningdek, amaldagi qonun hujjatlarining sohaga oid norma va qoidalari unifikatsiya qilinadi hamda ular Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasidagi majburiyatlari bilan muvofiqlashtiriladi.

3-afsona: Qonun baribir xavfsizlikni taʼminlamaydi.

Haqiqat: Atom energetikasini rivojlantirish, xususan, AES qurish mavzusida asosiy xavotir – xavfsizlik masalasi boʻlib turibdi. Bu xavfsizlikni kim taʼminlaydi? Uning kafolatlari qanday? Masʼuliyat kimga yuklanadi?

Maʼlumot uchun: 2018-yil sentyabr oyida Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida Xalqaro atom energiyasi agentligining (MAGATE) xavfsizlik boʻyicha barcha talablariga javob beruvchi quvvati 2 400 MVt boʻlgan ikkita energo blokidan iborat “3+” avlod atom elektrostansiyasini qurish toʻgʻrisida bitim imzolandi.

“3+”avlod – bu eng soʻnggi, innovatsion va xavfsiz atom elektrostansiyalari avlodi boʻlib, bunda AESning ichki va tashqi taʼsirlarga maksimal darajada chidamliligi taʼminlanadi.

Qonunda atom energiyasidan foydalanish va xavfsizlikni taʼminlash kafolatini davlat oʻz zimmasiga olmoqda. Shuningdek, sohani tartibga soluvchi (Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va hokazo) hamda xavfsizlikni taʼminlovchi davlat organlari (Sanoat xavfsizligi qoʻmitasi, Ekologiya qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqalar) aniq sanab oʻtilmoqda va ularning vakolatlari belgilanmoqda.

4-afsona: Biron gap boʻlsa, xalqdan yashirishadi.

Haqiqat: Buning iloji yoʻq. Qonunda atom energiyasidan foydalanish boʻyicha tadbirlarda fuqarolar, NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki belgilanmoqda. Bu esa ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash hamda fuqarolarning yadro energiyasi borasidagi turli xavotirlarini bartaraf etishga xizmat qiladi.

5-afsona: AESdan boshqa davlatlar foydalanadi.

Haqiqat: Unday emas. Atom energiyasidan foydalanish obyektlari davlat mulkida yoki Prezident tomonidan belgilanadigan yuridik shaxslar mulkida boʻlishi mumkin. Yuridik shaxslarining yadroviy materiallarni, shuningdek, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻini chet davlatga sotish toʻgʻrisidagi bitimlari Prezident bilan kelishilgan holda tuziladi.

Demak, AESning birinchi navbatda Oʻzbekiston xalqi uchun ishlashi shaxsan Prezident tomonidan nazorat qilinadi.

6-afsona: AES – ekologiyaga zarar.

Haqiqat: Notoʻgʻri qarash. Koʻpincha AESning atrof-muhitga salbiy taʼsiri juda oshirib tasvirlanadi. Aslida hozirda respublikamizda mavjud tabiiy energiya manbalaridan foydalanish orqali ham atrof-muhitga zarar jiddiy yetmoqda.

Maʼlumot uchun: Atom elektr stansiyasi barpo etilishi natijasida yiliga 3,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu manba qayta ishlanib, yuqori qoʻshilgan qiymatli neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi. Atom energiyasi ekologik toza boʻlib, stansiyalar zararli is gazini hosil qilmaydi.

Atom elektr stansiyasidan foydalanish davrida yiliga 14 mln tonnagacha CO2 (is gazi) va 36 ming tonnagacha NO2 gazining atmosferaga chiqarilishi oldi olinadi.

7-Afsona: Boshqa davlatlar bizga radioaktiv chiqindilarini olib kiradi.

Haqiqat: Qonun bunga yoʻl qoʻymaydi. Unda yozilishicha, Oʻzbekiston hududiga faqat oʻzimizning radioaktiv moddalarni, yaʼni ilgari Oʻzbekiston hududidan olib chiqib ketilgan radioaktiv chiqindilar va ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻidan olingan mahsulotlarini olib kirish mumkin.

8-Afsona: Kelajakda bizda ham yadro quroli ishlab chiqarilishi mumkin.

Haqiqat: Mumkin emas. Qonunning maqsadi, nomidan ham koʻrinib turganidek, atom energiyasidan faqat tinchlik maqsadida foydalanish. Yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarish qatʼiyan taqiqlangan.

9-afsona: AESni qoʻriqlash bahonasida boshqa mamlakat qoʻshinlari kiritilishi mumkin.

Haqiqat: Bunday xavotirga oʻrin yoʻq. 2012-yil 10-sentyabrdagi Qonun bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasiga asosan Oʻzbekiston oʻz hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va obyektlari joylashtirilishiga yoʻl qoʻymaydi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitimga muvofiq AESning jismonan muhofazasi Oʻzbekiston tomonidan amalga oshiriladi.

10-afsona: Atom energiyasi bizga kerak emas.

Haqiqat: Afsuski, bu xato fikr. Bugungi kunda respublikamizning elektr energiyaga boʻlgan ehtiyoji 69 mlrd kVt/soat boʻlsa, amalda 64 mlrd kVt/soat energiya ishlab chiqarilmoqda. 2030-yilga borib ehtiyoj 117 mlrd kVt/soatga yetadi. Bu ehtiyojni qondirish uchun turgʻun va barqaror energiya resursiga ehtiyoj bor.

Koʻpchilik bu ehtiyojni boshqa muqobil energiya resurslari (masalan, quyosh yoki shamoldan olinadigan energiya) bilan qondirish mumkin deydi. Lekin ushbu energiya manbalari barqaror emas, bizga esa hozir aynan barqaror energiya manbalari kerak. Shuningdek, AES qurilishi ortidan Oʻzbekistonda atom energetikasi sohasi rivojlanadi, mutaxassislar oʻqitiladi, ilmiy-tadqiqot institutlari ochiladi. Qolaversa, AES qurilishi ortidan boshqa qayta tiklanuvchi enegiya resurslarini rivojlantirishga yoʻl qoʻyilmaydi, ulardan tamoman voz kechiladi deyishga ham asos yoʻq.

Xulosa

AES kamida 60 yillik barqaror energiya manbai sifatida Oʻzbekiston iqtisodi rivojlanishi uchun kuchli impuls beradi. Oddiy fuqarolar hayotida esa elektr energiyasi bilan uzluksiz va barqaror taʼminlanish, ilmiy ishlanmalarning rivojlanishi, mahsulot xavfsizligining taʼminlanishi kabi omillar natijasida turmush darajasining oʻsishi kuzatiladi.

Gʻ.Primov

Adliya vazirligi masʼul xodimi