June 1, 2019

Elektrotexnika sanoatida 71 ta loyiha amalga oshiriladi

Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi (PQ–4348, 30.05.2019-y.)

Qaror bilan elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

Unga muvofiq, endilikda energiya tejamkor, arzon va sifatli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Qaror bilan, 2019–2020-yillarda elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

“Yoʻl xaritasi” doirasida, elektrotexnika tarmogʻida misni qayta ishlash quyidagi miqdorlarga yetkaziladi:

  • 2019-yilda – 44 ming tonnagacha;
  • 2020-yilda – 49 ming tonnagacha;
  • 2021-yilda – 55 ming tonnagacha.

Qarorga muvofiq, 2019–2021-yillarda elektrotexnika sanoatida 71 ta loyiha amalga oshiriladi va mazkur loyihalar uchun 558 mlrd 947 mln dollar sarflanadi.

Qarorga koʻra, 2019-yil 1-iyuldan:

  • elektrotexnika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 20 foizgacha narx preferensiyasi qoʻllaniladi;
  • byudjet hisobidan quriladigan obyektlar uchun respublikada ishlab chiqariladigan elektrotexnika mahsulotlari sotib olinadi;
  • elektrotexnika korxonalarining eksport boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik hosil boʻlishini hisoblashning muddati 180 kun etib belgilandi (amaldagi qonunchilikka muvofiq mazkur muddat 120 kun);
  • elektrotexnika korxonalarining oʻz ehtiyojlari uchun olib kiradigan texnologik uskunalari boʻyicha toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarish muddati 270 kun etib belgilandi (amaldagi qonunchilikka muvofiq mazkur muddat 180 kun);
  • elektrotexnika mahsulotlari uchun kreditlarning 1 mln dollardan oshmagan qismining foiz xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, lekin kredit stavkasining 5 foizlik punktidan oshmagan miqdorda ikki yil qoplanadi.

Qaror bilan 2019–2021-yillarda mahalliylashtirish tavsiya etiladigan mahsulotlar tasdiqlandi.

Blender, mikser, elektr sharbat chiqargich, elektr goʻsht qiymalagich, soch quritgich, kompyuter va noutbuklar shular jumlasidandir.