August 27, 2019

Gender tenglik: ehtiyojmi yoki hashamat?

Kuni kecha Senat “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunni maʼqulladi. Xalq orasida “gender tenglik qonuni” deyilayotgan ushbu muhim hujjat borasida quyida ayrim mulohazalarni bayon etamiz.

Qonunga ehtiyoj bor edimi?

Konstitutsiyada xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi mustahkamlab qoʻyilgan boʻlsa, yana alohida qonun qabul qilishga ehtiyoj bor edimi?

Albatta, bor edi. Birinchidan, Konstitutsiyada juda koʻplab huquqlar tilga olingan, lekin ularning deyarli barchasi haqida qonunlar bor. Masalan, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash, soʻz erkinligi va hokazo.

Konstitutsiya bosh qomus sifatida huquqlarni jamlaydi va kafolatlaydi. Ammo ularni amalga oshirish tizimi va himoyalash mexanizmlarini qonunlarda batafsil bayon etishga doim ehtiyoj bor. Shu maʼnoda gender tenglik toʻgʻrisidagi Qonun jinslararo teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash, bu boradagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.

Jins boʻyicha kamsitish nima? Ayollarni armiyaga chaqirmaslik ularning huquqlarini kamsitishmi? Farzandni dunyoga keltirish uchun taʼtil berilmasa, erkakning huquqi kamsitilgan sanaladimi? Qaysi hollarda ayollarga imtiyoz berilishi kerak, qaysi holatda erkaklarga? Bu savollarga batafsil javob berish va ushbu munosabatlarni tartibga solish uchun gender tenglik toʻgʻrisidagi qonunga ehtiyoj bor edi.

Olaylik bir fuqaro (u ayol yoki erkak boʻlishi mumkin) ish oʻrnida gender kamsitishga duchor boʻldi. Shunda u huquqlarini himoya qilishini soʻrab kimga, qayerga, qaysi organga murojaat qilishi kerak? Kadrlar boʻlimigami? Bu uning vakolatiga kirmaydi. Sudmi? Uzoq va serharajat jarayon.

Endi organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha vakolatli mansabdor shaxs belgilanmoqda. Vakolatli shaxsning majburiyatlarini bajarish davlat organi rahbarining oʻrinbosarlaridan birining zimmasiga yuklatiladi.

Demak, gender tenglik masalasiga korxona va tashkilotning oʻzida munosabat bildirish va vaziyatni oʻnglash mexanizmi paydo boʻldi.

Pozitiv diskriminatsiya nima?

Gender tenglik mavzusi koʻtarilganda “pozitiv diskriminatsiya” degan tushuncha koʻp tilga olinyapti va muhokama qilinmoqda. Bu masala yuzasidan ayrim tushuntirishlarga ehtiyoj borligi maʼlum boʻlmoqda.

Pozitiv diskriminatsiya – bu kam sonli boʻlgan guruh yoki qatlamga alohida imkoniyatlar va kvotalar berish degani. U korxonada, taʼlimda, ilmda va hokazo sohalarda gender tenglikka erishish uchun qoʻllanadigan usuldir.

Masalan, Oʻzbekistonda olima, muhandis, dasturchi, jarroh (va hokazo) ayollar kam. Ushbu sohalarda ayollarning koʻpayishiga esa ehtiyoj mavjud. Shunday sharoitda qizlarni ushbu yoʻnalishlarga koʻproq jalb qilib oʻqitish, buning uchun ularga alohida shart-sharoitlar yaratish pozitiv diskriminatsiya hisoblanadi.

Qonunda davlat xizmatida gender siyosatini amalga oshirish uchun vaqtinchalik tarzda bir jinsdagi xizmatchilar uchun kvotalash tizimi joriy etilmoqda. Yaʼni har bir davlat korxona va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar vakilligining mutanosibligi taʼminlanguncha vaqtinchalik jins kvotalari belgilanadi. Mutanosiblikka erishilgach, kvotalar bekor qilinishi mumkin.

Kimdir bizga bunday “chala tenglik”, “gibrid diskriminatsiya” nega kerak deyishi mumkin. Trampning pozitiv diskriminatsiyaga qarshi qilayotgan ishlarini misol keltirishadi baʼzilar. Boshqa jamiyatlarni bilmadim-ku, ammo anʼanaviy oʻzbek jamiyatida pozitiv diskriminatsiyaga katta ehtiyoj mavjud. Chunki ayollarimizning taʼlim olishi, ilm bilan shugʻullanishi va ijtimoiy faolligini ragʻbatlantirishga ehtiyoj katta. Qolaversa, jamiyatimizda ayollar zimmasiga ortilgan maishiy majburiyatlar yuki ham ogʻir.

Masalaning bahosi qancha?

Albatta, ijobiy diskriminatsiyani gapirganda, bozor iqtisodiyoti shartlarini unutmaslik lozim. Yaʼni gender tenglikni yaratamiz deb fuqarolarning huquqlariga ziyon yetkazmaslikni eʼtiborda tutish lozim.

Masalan, gender tenglikka erishish, ayollarni qoʻllab-quvvatlash uchun ularning oyliklari saqlangan holda ish kunlarini bir soatga qisqartirish gʻoyasini olaylik. Bundan ayollar yutadilarmi?

Yutqizadilar. Sababi, endi ish beruvchi koʻproq erkaklarni ishga olishga harakat qiladi, chunki kam ishlab koʻp oylik oladigan ishchi unga kerak emas va bu borada u haq. Ayolning oʻsha ishlamagan bir soatini kim toʻlaydi? Shu masalani adolatli yechmay turib ayollarga ish vaqtidan imtiyoz berish maqsadga muvofiq emas.

Yoki ayollarga farzand parvarishi bilan mashgʻul davri uchun toʻlovlarni ish beruvchi zimmasiga yuklar ekanmiz, bu bilan mehnat bozorida ularning qadri tushishi va imkoniyatlari kamayishini, raqobatbardoshligi yanada pasayishini oʻylashimiz lozim.

Yaʼni gender tenglikni taʼminlash haqida soʻz borar ekan, buning oʻziga yarasha toʻlovi borligini eʼtiborda tutish, byudjet taqsimoti va boshqa moliyaviy masalalarni yechish jarayonida buni ham nazardan qochirmaslik lozim. Istaymizmi-yoʻqmi, gender tenglik faqat huquqiy maydonda yechim topadigan masala emasligini tan olishimiz kerak.

Oilaviy munosabatlar va urf-odatlar-chi?

Koʻpchilik qonunning uzoq yillardan beri shakllanib kelgan va anʼanaga aylangan urf-odatlarga zid kelishi, ularning ildiziga bolta urishi va oilaviy munosabatlarga aralashib, ularni izdan chiqarishi toʻgʻrisidagi xavotirlarini bayon etmoqdalar. Hatto feminizmning gʻarbga xos salbiy oqibatlarini misol keltirmoqdalar.

Ularni xotirjam qilish uchun taʼkidlash lozimki, Qonun oilaviy munosabatlarga aralashmaydi, hech kimni hech nimaga majburlamaydi yoki mavjud huquqlarni cheklamaydi. Faqat tomonlar uchun yangi huquqlar va imkoniyatlar taqdim etish orqali munosabatlarni muvozanatlash imkonini beradi. Undan foydalanish yo foydalanmaslik, albatta, tomonlarning oʻzlariga havola.

Masalan, farzand dunyoga kelgach beriladigan taʼtil borasida Qonunda shunday deyilgan:

“Ham ota, ham ona bola tugʻilishi munosabati bilan haq toʻlanadigan taʼtil olish huquqiga ega. Bolaga qarash boʻyicha taʼtilning davomiyligi ota-onaning ixtiyoriga koʻra ular oʻrtasida taqsimlanishi mumkin, bunda ota-ona taʼtildan qismlarga boʻlgan holda foydalanishlari mumkin”.

Yaʼni ota va ona oʻzaro kelishsalar, farzandga navbatma-navbat qarashlari mumkin. Bu, masalan, sessiya topshirmoqchi boʻlgan talaba qizlar, xorijga stajirovkaga ketishi lozim boʻlgan olima ayollar, uzoq vaqt mehnat faoliyatidan uzilishi natijasida malakasini yoʻqotib qoʻyishi mumkin boʻlgan kasb egalari uchun katta imkoniyat. Agar er-xotin oʻzaro kelishib shunday qarorga kelsalar, Qonun buni qoʻllab-quvvatlaydi va huquqni amalga oshirish imkoniyati bilan taʼminlaydi.

Qonun oilada, jamiyatda turli illatlar, anʼana niqobi ostidagi ojizlarga zulm, ularning huquqini toptash holatlariga qarshi kurashadi.

Biz anʼanalar bilan yashaydigan xalqmiz. Lekin taraqqiyot istasak, qonunlar bilan ham yashashni boshlashimiz kerak. Urf-odatlar shunchaki urf-odat boʻlgani uchun emas, inson shaʼni va qadr-qimmatini ulugʻlagani, turmushini qulay qilgani, munosabatlarni uygʻunlashtirgani bilan qadrli. Ijobiy urf-odat va anʼanalarni insonni kamsituvchi va tahqirlovchi illatlardan farqlashda oʻrtada faqat bir mezon turadi: inson shaxsi va uning huquqlari. Biz koʻzi ochiq millat sifatida bu farqni ajratib olishimiz lozim.

Gender tenglik toʻgʻrisidagi qonun ijtimoiy-siyosiy sohalarda ayollarning rolini oshirish uchun zamin yaratadi. Hozirda jamiyatimizda “ilgʻor ayol” obrazi tobora xiralashib bormoqda. Butun mamlakat boʻylab bironta ayol hokim yoʻq, oliy taʼlim muassasalaridan faqat bittasida ayol kishi rektorlik qilmoqda, ayol vazirlar va vazir oʻrinbosarlari barmoq bilan sanarli, ayol elchilarimiz umuman yoʻq (hatto urushdan endi chiqqan Afgʻonistonning ham xorijda 5 nafar ayol elchisi bor).

Ayolga imkoniyat va vakolat berish, uni faollashtirish jamiyatni yanada rahm-shafqatli, insonparvar va maʼrifatli qiladi. Qonun shu maqsadda qabul qilinmoqda.

Furqat Tojiyev,

Shahnoza Soatova

Adliya vazirligi masʼul xodimlari